Bir necha kun davomida ushbu virus dunyoning 54 mamlakatidagi 500 mingdan ortiq qurilmani zararlagan.

Dunyo bo‘yicha yuz minglab internet tarmog‘i qurilmalari kiberhujum qurboniga aylandi, deb xabar beradi “TV Zvezda” portali.

Xavfli virus veb-trafikni blokirovka qilib qo‘yish bilan birga, ofis va xonadonlarga ulangan tarmoqlardan o‘tayotgan ma’lumotlarni yig‘ib olish va qurilmani butunlay o‘chirib qo‘yishga qodir.

AQSHning Federal qidiruv byurosi xodimlari kompyuter va shunga o‘xshash qurilmalarini yangi xavfli VPNFilter virusidan himoyalanish usulini topdi.

Ularning fikricha, eng avvalo, qurilmani o‘chirib yoqib, qayta ishga tushirish lozim. Bu esa tarmoqni bir oz muddatga virusdan himoyalaydi.

Shuningdek, dasturiy ta’minotni har doim o‘z vaqtida yangilab turish o‘ta muhim bo‘lib, qurilmadan masofadan turib foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik va uni murakkab mahfiy so‘z bilan himoyalash lozim.

Mutaxassislarning fikricha, garchi yuqoridagi holatlar foydalanuvchilarni “hujum”dan to‘liq himoya qilolmasa-da, ular virusni aniqlashga va chetlab o‘tishga yordam beradi.

Yangi VPNFilter virusi nafaqat kompyuterlar uchun, balki, internet tarmog‘iga ulash mumkin bo‘lgan qurilmalar uchun ham o‘ta xavfli ekani qayd etilgan. Bir necha kun davomida ushbu virus dunyoning 54 mamlakatidagi 500 mingdan ortiq qurilmani zararlagan.

Umida Qurbonova