Genetika – irsiyatning bir qonuniyati bor: yer yuzidagi barcha mavjudotning tug‘ma xususiyatlari – fazilat yoki qusurlari DNK molekulyar zanjiri orqali keyingi avlodlarning qay birida bo‘lsin, albatta, takroran yana yuzaga chiqadi, aslo yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Bugun o‘zbek yoshlari dunyoning turli davlatlari, jumladan, eng taraqqiy topgan mamlakatlarda nafaqat o‘qiyotgani, balki, nufuzli universitetlarda dars berayotgani, yirik kompaniyalar boshqaruv tizimida ishlayotgani ana shu qonuniyat aksiomasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, biz ko‘plab tabiiy va aniq fanlar poydevoriga tamal toshini qo‘ygan va dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarning avlodlarimiz.

Alisher Dedaxonov g‘urur va iftixorga munosib shunday yoshlardanbiridir. Uning bir necha tillarni mukammal bilishi, iqtisodiyot va innovatsiya yo‘nalishlarida ilmiy izlanayotgani, o‘z sohasida muvaffaqiyatlarga erishayotganini nazarda tutib uni ulug‘ ma’rifatparvar Is’hoqxon to‘ra Ibratning munosib izdoshi deyish mumkin.

Namangan shahrida ziyoli oilada tug‘ilib o‘sgan Alisher Dedaxonov endigina o‘ttiz to‘rt bahorni qarshilayotgan bo‘lsada ilm-fanda yoshiga nisbatan salmoqli yo‘lni bosib o‘tdi.

Alisher Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirgach, Janubiy Koreyaning Yongnam universitetida biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil oldi hamda magistr darajasiga ega bo‘ldi. Magistraturadan keyin doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab 30 yoshida PhD (Falsafa doktori) darajasiga sazovor bo‘ldi.

Alisher yoshligidanoq xorijiy tillarni tirishqoqlik bilan o‘rgandi. Hozir u ingliz, koreys, rus, turk tillarini o‘z ona tilidan kam darajada bilmaydi. Yosh olim Yongnam universitetida AQSH, Xitoy, Yaponiya, Fransiya, Polsha, Gollandiya, Afrika, Hindiston, Pokiston, Tojikiston, Avstraliya, Singapur kabi o‘ndan ortiq davlatlardan kelib tahsil olayotgan turli millat vakillariga biznes boshqaruvi yo‘nalishidan ta’lim bermokda.

Alisher Dedaxonovning AQSH, Angliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Janubiy Koreya va Norvegiyadagi “Social Sciences Citation index” (SSCI) ro‘yxatida yuritiladigan “Personnel Review”, “Managemant Decision”, “Managerial Psychology”, “Career Development International”, “European Planning Studies” kabi nufuzli jurnallarda biznes korxonalarini boshqaruv uslubi va xodimlarning kreativligi, biznes korxonalarning innovatsion faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar kabi bir qator dolzarb mavzularda chop etilgan o‘ndan ortiq ilmiy maqolasi muhim ahamiyati va mazmun-mohiyati bilan xalqaro ilm-fan jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga tortdi. Ayniksa, Yaponiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy anjumanda Alisher Dedaxonov o‘z mutaxassisligi bo‘yicha dunyo olimlari e’tirofini qozondi.

Yongnam universiteti professori, izlanuvchan yosh olim Alisher Dedaxonov yakinda “Marquis Whos Who in the World” (Markuis Kim aslida Kim)nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Marquis Whos Who – qisqacha tarjimai hollarni o‘zida mujassam qilgan AQSHning qator kataloglarining nufuzli nashri hisoblanadi. Mazkur katalogdan dunyodagi biznes, yurisprudensiya, fan, tibbiyot, san’at, boshqaruv va shu kabi boshqa sohalarning yuqori malakali yetakchi mutaxassislari o‘rin olgan.

Bundan tashqari,Alisher Yongnam universiteti bo‘yicha har semestr oxirida talabalar tomonidan professsor-o‘qituvchilarning dars berish mahoratini baholash reytingi ko‘rsatkichida 885 nafar professor- o‘qituvchilar orasida ta’lim berish bo‘yicha eng kuchli 5 foizlik professorlar qatoridan o‘rin oldi.

Alisher o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan hozirda uch nafar doktorant, 4 nafar magistrga ilmiy rahbarlik qilmoqda. U shogirdlariga o‘zining ilmiy tajribasi orqali biznes boshqaruvida ilmiy maqola va dissertatsiya yozish sirlarini o‘rgatmoqda.

– Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashriflarini Janubiy Koreyadan turib ijtimoiy tarmoqlar orqali zo‘r qiziqish bilan kuzatib bordim, – deydi A.Dedaxonov biz bilan telefon orqali suhbatda. – Davlatimiz rahbarining viloyatimizda sanoat, biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiya qo‘llagan yosh olimning faoliyatiga alohida e’tibor qaratgani, ayniqsa, meni quvontirdi. Janubiy Koreyaning “Hyundai” avtomobillarini Namanganda ishlab chiqarish, turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar, Namangan shahridagi davlat xizmatlari markazi hamda To‘raqo‘rg‘onda xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan Ibrat maktabi tashkil qilingani haqidagi xushxabarlar ona yurtimizda ta’bir joiz bo‘lsa, yangi bir uyg‘onish davri boshlanganidan dalolat beradi. Men ham kelajakda O‘zbekistonimiz taraqqiyotini yanada jadallashtirishga xizmat qiladigan loyihalar bilan o‘zimning munosib hissamniqo‘shishni maqsad qilganman.

Akramjon Sattorov, O‘zA