Mintaqaviy seminarda O‘zbekistondagi e’tiqod erkinligi yuqori baholandi

Ostonada “Zo‘rlikka asoslangan ekstremizm va terrorizmning tarqalishiga sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etish” mavzuida mintaqaviy seminar o‘tkazildi. 
O‘zbekistonda 16 diniy konfessiya mavjud bo‘lib, ularning vakillari o‘zaro hamjihatlikda, tinch-osoyishta hayot kechirmoqda. Ularning barcha huquqlari himoyalangan bo‘lib, ular o‘rtasiga rahna solish, adovat qo‘zg‘atish, fuqarolarning diniy qarashlarini haqorat qilish, diniy qadamjolarni tahqirlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu maqsadda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash va vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik doimiy ravishda takomillashtirilayotir.
Qozog‘istonning Ostona shahrida “Zo‘rlikka asoslangan ekstremizm va terrorizmning tarqalishiga sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etish” mavzuida tashkil etilgan mintaqaviy seminarda bu alohida qayd etildi.
BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) va BMTning Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalari delegatsiyalari ham qatnashdi. Afg‘oniston Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi vakillari kuzatuvchi davlatlar sifatida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi a’zosi Bosh prokuratura Axborot-tahlil bo‘limi katta prokurori Xushnur Maqsudovning O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan qilgan taqdimoti, O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokchilarining ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik, hukumat tomonidan tasdiqlangan aniq tadbirlar rejalari, shuningdek, ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida taqdim etgan ma’lumotlari xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.
Hozirgi kunda millatlararo totuvlik va tinchlikni ta’minlash, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur seminar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zA