Yadroviy va kimyoviy moddalarning kirib kelishiga ehtiyot choralari ko‘rildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dout-ota” chegara bojxona postida bojxona chegaralari orqali yadroviy va kimyoviy moddalarning kirib kelishini oldini olish bo‘yicha o‘quv mashqi o‘tkazildi.

– Yadroviy va kimyoviy moddalarni diyorimizga olib kirishga urinishlar bizni hushyorlikka chaqiradi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Jenis Saparbayev. – Mazkur moddalar inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmasdan, ma’lum bir hududni uzoq muddat o‘zining zararli ta’siri ostida ushlab turadi. Xuddi mana shuning uchun ham Respublikamizga yadroviy va kimyoviy moddalarni noqonuniy olib kirish ta’qiqlanadi hamda jinoyat qonunchiligi bo‘yicha qat’iy ta’qibga olinadi.

IMG_4535.JPG

Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Davlat sanitariya epidemiologiya markazi xodimlari ham ishtirok etdi.

O‘quv mashqlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2012-yil 20-dekabrdagi “Radiatsiyaviy avariyalarni prognozlashtirish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablari asosida xodimlarning hamkorlikdagi xizmatlar bilan harakatlari ko‘rgazmali tarzda namoyish qilindi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA