Nukusda “Kitob mutolaasi madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir” shiori ostida kitob bayrami o‘tkazildi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi shoirlar, yoshlar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir doirasida kitoblar ko‘rgazmasi va kitob savdo-yarmarkasi tashkil etildi.

– Kitob – hayot deb nomlangan dengizning to‘lib-toshgan to‘lqinlariga bardosh berishda qanot bag‘ishlovchi ma’naviyat kemasidir, – deydi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Aydos Muhammadiyorov. – Ko‘plab bayramlar qatorida kitob bayrami ham keng nishonlanayotgani barchaga manzur bo‘lmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi, “Bilim”, “Qoraqalpog‘iston” nashriyotlari tomonidan taqdim etilgan yangi kitoblar taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Kitob bayramida faol ishtirok etgan nashriyotlar, namunaviy kitob do‘konlari, kitob ko‘rgazmalarini tashkil etgan muassasa va tashkilotlar o‘rtasidagi tanlov g‘oliblari taqdirlandi.

Y. Qanoatov, O‘zA