Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda VI Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tmoqda. Yevropa Ittifoqi va “O‘zbekkino” milliy agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan kino kunlari bu safar faqat Toshkent shahri doirasida emas, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘tkaziladi. Bu haqida “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuxrat Rizayev festivalning ochilish marosimidan avval bergan intervyusida qayd etib o‘tdi:

“Xususan, Toshkentda boshlangan bu festival bir necha kundan keyin Shaxrisabzda davom etadi. Undan keyin bir necha kun o‘tib Farg‘onada bo‘lib o‘tadi. Hozir 10 ta Yevropa davlatining 12 ta filmi ishtirok etayotgan bo‘lsa, boshqa hududlarda ham ular namoyish etiladi.” – deydi Shuxrat Rizayev. “Bizning xalqimiz kinoga juda mehr qo‘ygan xalq. Biz o‘z kinomiz bilan Markaziy Osiyo bozorida o‘z o‘rnimizga egamiz. Bunga yetarlicha dalillarni keltirishim mumkin. Lekin, endi yangi sifat bosqichiga chiqyapmiz. Festival doirasida eng yaxshi filmlar namoyish etilayapti va bu xalqimizning sifatli kinoga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida bizning yosh kinoijodkorlar uchun mahorat maktabi vazifasini ham o‘taydi“.

G‘arb kinosi deganda ba’zida nisbatan erkinroq munosabatlar aks etgan va oilaviy ko‘rish uchun biroz to‘g‘ri kelmaydigan filmlar tushuniladi. Festivalga farzandlari bilan tashrif buyurgan oilalar ana shunday xolatga tushmaydimi? Bu savolga Shuxrat Rizayev shunday javob berdi:

– Aytish kerakki, Yevropa kinosida ham turli tuman yo‘nalishlar bor. Bizning mentalitetimizga zid keladiganlari ham yo‘q emas, shuningdek, oilaviy ko‘rishga mos haqiqiy san’at asarlari ham talaygina. Lekin, menga eng ma’qul jihati shu bo‘ldiki, Yevropa kinosi festivalini tashkil etishda ishtirok etgan mutaxassislar milliy xususiyatni inobatga olgan holda, o‘zbek tomoshabinlarini ta’bi va didiga mos yuksak san’at namunalarini tanlashgan. Biz bu filmlarni “O‘zbekkino” milliy agentligi mutasaddilarini jalb etgan holda oldin ko‘rib chiqdik va kino san’atini tom ma’noda namoyon etadigan filmlar taqdim etilganini guvohi bo‘ldik.”

Eslatib o‘tamiz, Festivalda oilaviy ko‘rish uchun mo‘ljallangan 4 ta kartina ham namoyish etiladi: “U basketbolchi bo‘la qolsin” (Sloveniya, 2017), “Kompyuterdan xavfliroq bobo” (Latviya, 2017), ”Bubul” (Shveysariya/Belgiya, 2014), “Xonaki” (Ruminiya, 2012). Shuningdek festival kun tartibidan ikkita hujjatli film ham o‘rin olgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuxrat Rizayev o‘z intervyusida xalqaro hamkorlik aloqalari xususida ham to‘xtalib o‘tdi:

– Bunday forumlarning o‘tishi bizda odatiy tusga kirdi. Qator mamlakatlar bilan biz madaniy, xususan, kino aloqalari bo‘yicha hamkorlik borasida shartnomalar imzolayapmiz. Turli davlatlarning elchilari va madaniy attashelari kelib kino sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z takliflarini berishmoqda. Ayni paytda biz ham o‘z takliflarimiz bilan murojaat etayapmizki, hamkorlikda uzoq va yaqin horijdagi kinoijodkorlar bilan filmlar yaratish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Chingiz Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan Qirg‘izstonlik kinosan’atkorlar bilan birgalikda film ishlashga kirishdik. Shu kunlarda Yaponiya kinomatografistlari O‘zbekistonda bo‘lib, biz bilan hamkorlikda film suratga olayapti. Bir necha kundan keyin esa yurtimizga Hindistonning Kalkuttasidan juda katta kino guruhi tashrif buyurib, biz bilan hamkorlikda “Shodu xurramlikda” deb nomlangan yaxshi bir komediya olishni rejalashtirgan. Biz kuni kecha bu filmni ssenariylarini Badiiy kengashda ko‘rib, mulohazalarimizni aytdik. Yaqin kunlarda suratga olishga kirishiladi.

N. Toshpo’latova O’zA