Joriy yil 15-22 may kunlari Yaponiyaning qator shaharlarida “O‘zbekiston haftaligi” o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Tashqi ishlar vazirliklari, mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi, Yaponiya madaniyat agentligi va Nagoya, Osaka shaharlari meriyalari hamkorligida tashkil etilgan haftalik O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqimizning qadim tarixi va boy madaniyatini Yaponiya jamoatchiligiga keng targ‘ib etishga xizmat qildi.

“O‘zbekiston haftaligi” doirasida Yaponiyaning Tokio, Nagoya va Osaka shaharlarida konsertlar, milliy madaniyatimiz va urf-odatlarimizni ifoda etuvchi fotoko‘rgazmalar tashkil etildi.

Haftalik davomida “Ko‘hna va navqiron O‘zbekiston” hujjatli filmi namoyish etildi. Filmda mamlakatimizning go‘zal maskanlari, tarixiy obidalari, zamonaviy inshootlar, shuningdek, xalqimizning milliy urf-odat va an’analari aksini topgan.

Yaponiyaning yirik shaharlari – Tokio, Nagoya va Osakada keng jamoatchilikka o‘zbek san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturlari, diyorimizning turistik salohiyati aks etgan milliy foto va amaliy san’at ko‘rgazmalari ham namoyish etildi.

Haftalik doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio milliy muzeyi direktori Masami Zeniya, “Min-On” musiqa assotsiatsiyasi prezidenti Kazuto Ito, Tokio san’at universiteti prezidenti K.Sava bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarda madaniyat va san’atni rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik, ta’lim yo‘nalishida tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish mavzularida fikr-mulohazalar almashildi.

Haftalikning so‘nggi kunida Osaka universiteti madaniyat saroyida o‘tgan milliy liboslar va ko‘l mehnati bilan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasi yaponiyaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmadan so‘ng tomoshabinlarga madaniyat saroyining katta sahnasida o‘zbek san’atkorlari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi. Yaponiyalik san’at shinavandalari yosh ijrochilar tomonidan jonli ovozda taqdim etilgan opera ariyalari, milliy kuy-qo‘shiqlarimiz, betakror raqs ijrolaridan bahramand bo‘ldi.

Umuman, haftalikning har bir kuni unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Madaniyat muassasalari o‘rtasida manfaatli kelishuvlarga qaratilgan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bularning bari o‘zbek-yapon xalqlari o‘rtasidagi mushtarak do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

O‘zA