Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qulay sarmoyaviyva ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosati xorijda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Koreya Respublikasining “Evergreen Motors Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Kim Chang Keong boshchiligidagi ishbilarmonlar, jamoat va ta’lim sohasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrifi doirasida tashkil etilgan uchrashuv va biznes-forumlarning asosiy mavzusi ushbu masalalarga bag‘ishlandi.

2017-yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif va uning yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini aniq amaliy mazmun bilan boyitib,sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.

Tadbirkorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad – hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar bilanyaqindan tanishish, mahalliy sheriklar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat. Ta’kidlash joizki, turli sohalarning 15 nafar vakilidan iborat nufuzli delegatsiya Qoraqalpog‘istonda hamkorlikda ishlashga alohida qiziqish bildirdi.

Mehmonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov bilan uchrashib, investitsiya, ta’lim, sayyohlik va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zaro hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, biznes-forum o‘tkazildi. Respublika kardiologiya dispanseri, Toshkent tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali, Beruniy tumanidagi Shoshilinch tibbiy yordam markazi va I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif uyushtirildi.

Biznes-forum doirasida hududning sarmoya va turizm salohiyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi, Janubiy Koreya delegatsiyasi va Qoraqalpog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja tashkil etildi. Kim Chang Keon uchrashuv ishtirokchilariga Koreya Respublikasi delegatsiyasi tarkibida ishbilarmonlar, jamoat va ta’lim sohasi vakillari borligi va ular Qoraqalpog‘iston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish uchun aniq loyihalarni muhokama etish istagida ekanini ma’lum qildi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xorij sarmoyasi ishtirokidagi 91 korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning aksariyati Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan korxonalardir. Ushbu korxonalar qizilmiya o‘simligi ildizini qayta ishlash, yengil sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turli xizmatlar ko‘rsatish hamda neft va gaz tarmoqlarida faoliyat yuritadi.

“Nukus-farm” erkin iqtisodiy zonasi, “Mo‘ynoq”, “Amudaryo”, “Beruniy”, “Qo‘ng‘irot”, “Taxiatosh”, “Xo‘jayli” va “Chimboy” kichiksanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy korxonalar uchun taqdim etilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, ushbu hududda ko‘chmas mulk bo‘yicha nol qiymatdagi maxsus ijara tizimi amal qiladi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston hududida janubiy koreyalik sarmoyadorlarni jalb qilgan holda qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimotlar Qoraqalpog‘istonning diqqatga sazovor joylari, madaniyati, turmush tarzi, tabiiy landshafti, tarixiy-arxeologik yodgorliklariga bag‘ishlandi. Shubhasiz, Qoraqalpog‘istonga sayyohlar oqimini ko‘paytirishda Nukus shahrining asosiy diqqatga sazovor maskani – I.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyining o‘rni beqiyos. Bu yerda xalq amaliy-dekorativ, tasviriy san’at asarlari, qadimiy va o‘rta asrlarga oid ishlarni o‘z ichiga olgan minglab noyob eksponatlar saqlanmoqda.

Koreya Respublikasi delegatsiyasi tashrifi yakunida investitsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolandi.

Mehmonlar, shuningdek, Respublika kardiologiya dispanseri, Toshkent tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali faoliyati, ushbu muassasalarning moddiy-texnik bazasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. Kelajakda Nukus shahridagi mazkur tibbiyot muassasalarida hamkorlikda ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Tashrif yakunida mehmonlar “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur va jahon san’at xazinasining nodir asarlari saqlanadigan I.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyida bo‘ldilar. Delegatsiya rahbari – “Evergreen Motors Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Kim Chang Keon muzeyning faxriy mehmonlar kitobigao‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA