Mamlakatimizga tashif buyurgan Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 21-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashdi.

Ishchi guruh tarkibida Yevropa Ittifoqiga a’zo 28 davlatdan vakillar kelgan. Ular Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama va mintaqalararo munosabatlarning barcha jihatlarini o‘rganadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalq bilan muloqotning samarali va noyob tizimi xususida fikr yuritildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tuzilishi, qo‘mita va fraksiyalar, xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik doirasida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyati hamda “Mening fikrim” jamoaviy elektron murojaatlarportali haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik kelishuvi doirasida parlament hamkorligi qo‘mitasi hamda kichik qo‘mitalarni o‘z ichiga olgan 6 ta hamkorlik tashkiloti tuzilgan. Mamlakatimizda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan jalb qilingan investitsiyalar ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordam ko‘magida biznes va turizmni rivojlantirish, transport logistikasi, chegaralarni boshqarish, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, xavfsizlik va boshqa sohalarda 35 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv qiziqarli va konstruktiv ruhda o‘tdi. Delegatsiya a’zolari parlament quyi palatasi faoliyati bilan tanishdi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ishonchli bazasini yaratib beruvchi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va doimiy muloqot olib borish yuzasidan fikr almashildi.

– O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, – deydi Andrea Domenikoni (Italiya). – Muloqotimiz davomida bu boradagi hamkorlikni yangi kelishuvlar bilan boyitish yuzasidan muzokaralar olib bordik. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Shu kuni delegatsiya a’zolari “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) U. Muhammadiyev bilan muzokara o‘tkazdi.

Tadbirda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholining farovon hayot kechirishi uchun sharoit yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda ishchi guruh a’zolari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi, Ombudsman instituti negizida milliy preventiv mexanizmni tashkil etish jarayoni, Ombudsmanning aholining yordamga muhtoj qatlami huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati, BMT Taraqqiyot dasturi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligi bilan yaqindan tanishdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.

 

Go‘zal Sattorova, Bayram Aytmurodov, O‘zA