Ebola balosi barham topmadi...mi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola xavfidan ogohlantirdi. Tashkilot Ebola virusi sabab Kongo Demokratik Respublikasida yuzaga keladigan kasallik xavfini “yuqori” dan “juda yuqori” bo‘lgan darajaga oshirdi. 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘shni Kongo shaharlarida ham Ebola bilan bog‘liq holat qayd etilganini ma’lum qilib, epidemiologik holatdan xavotirda ekani borasida bayonot berdi. Kongoda Ebola virusi bilan bog‘liq 40 dan ortiq holat qayd etildi. Ulardan uchtasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari tomonidan tekshirilgan.
Ebola (inglizcha. Ebola Haemorrhagic Fever, EHF, lotincha Ebola febris haemorrhagica) – xavfli virus bo‘lib, unga chalinganlarning 90 foizi vafot etishi mumkin. Tarixda ilk bor bu virus 1976-yilda Sudan viloyatlari va Zoir (hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi) hududlarida qayd qilingan edi. O‘shanda Sudanda 284 kishi bu kasallikka chalingan bo‘lsa, ularning 151 nafari vafot etgan edi. Zoirda esa kasallikka chalingan 318 kishining 280 nafari hayotdan ko‘z yumdi. Kasallik ilk bor Ebola daryosi sohillarida qayd qilingani bois Ebola nomi bilan ataladi.
Epidemiya yillar o‘tib takrorlanishi aytiladi. Eng katta yo‘qotishlar 2003-yildan boshlangan. O‘sha yili Kongoda Eboladan 128 kishi halok bo‘lgan edi. 2014-yili boshlangan epidemiya esa qamrovi jihatidan eng dahshatli bo‘lgani tan olinadi. Bu gal kasallik nafaqat uchta mamlakatni, balki Afrikaning boshqa hududlarini ham qamrab oldi.
Buning oqibatida Nigeriya, Senegal, Mali davlatlarida ham kasallik keng tarqala boshladi. Ebola boshqa qitalarga, jumladan, AQSH, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada kabi mamlakatlarda qayd qilinganidan so‘ng jahon mamlakatlari oyoqqa turdi. Bu mamlakatlarning hammasida Afrikaga borib kelganlar ebolaga chalingani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, Ebola epidemiyasi paydo bo‘lgan joyidan boshqa hududlarga tarqalmasligi aniq. Chunki kasallikning saqlanib qolishi jug‘rofiy sharoitlarga bog‘liqdir. Ya’ni tabiati, iqlimi, mahalliy hayvonot va o‘simliklar dunyosi tufayli Ebola boshqa hududlarga tarqalishi mumkin emas.
Olimlar Ebola yuz yillar davomida G‘arbiy Afrikada bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi, ammo boshqa mintaqalarga tarqalishining imkoniyati deyarli yo‘qligini aytishadi. Har qanday epidemiyaning tarqalishi uchun qo‘zg‘atuvchilar kerak bo‘ladi. Ebola uchun qo‘zg‘atuvchi sifatida qalin o‘rmonlarda banan va ekzotik mevalarni iste’mol qilib kun kechiruvchi hasharotlar ko‘riladi. Yevropa yoki Amerikaga Ebola yetib borishi mumkin, ammo keng tarqalmaydi. Chunki buning uchun bu mintaqalarda sharoit yo‘q.
Shuni eslatib o‘tamiz ilk bor ebola bilan bog‘liq hodisa 2014-yilning fevral oyida Gvineyada qayd qilingan va keyinchalik virus qo‘shni Syerra-Leone va Liberiyaga tarqalgan edi. 2014-yilning 8-avgust kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebolani global tahdid deya e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 16-sentyabrda AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Barak Obama “Ebolaga qarshi urush” e’lon qildi va G‘arbiy Afrika mamlakatlariga uch ming nafar harbiy xizmatchisini jo‘natdi. “Katta yettilik” sammit arafasida Germaniya kansleri Angela Merkel ham ebolani xavfli kasalliklar ro‘yxatiga kiritdi.
Jahon bo‘ylab ko‘tarilgan shov-shuvlar o‘z samarasini berdi. Amerikalik harbiylar pandemiyadan aziyat chekayotgan mamlakatlarda kasalxonalar qurishdi. Mintaqadagi davlatlarga dunyoning barcha burchaklaridan insonparvarlik yordamlari va shifokorlar yetib keldi. Bu yil vaziyat yaxshilandi, o‘limlar soni keskin qisqardi. Kasallikka qarshi kurash o‘z natijalarini berdi.
Ayni damda jahon mamlakatlarida ebolaga qarshi vaksina yaratish ustida ishlar davom etmoqda. Birinchilardan bo‘lib norvegiyalik olimlar bu kabi vaksina yaratilgani haqida bayonot berishdi. Biroq vaksinalarning yuz foiz samara berishiga ishonch yo‘qligi ham tan olinadi.
Sharofiddin To‘laganov

 

O’zA