O‘zbekiston delegatsiyasi VIII Peterburg xalqaro yuridik forumida ishtirok etmoqda

Joriy yilning 15–19 may kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan VIII Peterburg xalqaro yuridik forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda, deya habar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti saytida.

2011 yildan buyon har yili Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Adliya vazirligi ko‘magida o‘tkazib kelinayotgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad xalqaro yuridik hamjamiyatni birlashtirish, butunjahon huquq masalalari yechimiga yagona yondashuvlarni ishlab chiqish hamda yuridik dunyoning yangi trendlarini shakllantirishdan iborat.

Forum yalpi majlisini Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Dmitriy Medvedev ochib berdi.

Bu galgi xalqaro anjuman ishida 4000 dan ziyod iqtisodiyot, huquq va xalqaro munosabatlar sohasidagi dunyoning yetakchi ekspertlari, yuridik soha vakillari ishtirok etgan. Unda arbitraj, hakamlik sudlari faoliyati, huquqni qo‘llash amaliyoti monitoringi kabi muhim mavzular muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, huquqiy sohadagi xalqaro hamkorlik hamda o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirishga istiqbollari yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Xalqaro yuridik forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tegishli tadbirlarda ishtirok etmoqda.

 

O‘zA