Endi haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini almashtirish boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi

2018-yil 1-iyundan Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari yana 31 taga ko‘payadi.

Hozirgi kunda haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini berish yoki almashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish faqatgina Toshkent shahrining Mirobod, Yunusobod, Uchtepa, Shayxontohur tumanlari va Namangan shahar Davlat xizmatlari markazlarida joriy etilgan.

2018-yil 1-iyundan e’tiboran Nukus, Andijon, Termiz, Kogon, Zarafshon, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Do‘stlik, Pastdarg‘om, Sirdaryo, Chirchiq va Xonqa tumanlari Davlat xizmatlari markazlarida ham ushbu turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish joriy etilishi belgilangan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabar qilmoqda.

O‘zA