Shavkat Mirziyoyev: “Harbiylarimiz ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kuchli bo‘lishlari kerak”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda bo‘ldi. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar va yangi Mudofaa doktrinasi ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Harbiylar bilan muloqot qildi.

Mazkur harbiy qismda bir qator tarkibiy-tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirildi – oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha autsorsing tizimi joriy qilindi, o‘quv binolari, yotoqxonalar, sport zali va maydonlari zamonaviy ta’mirlandi. Bu harbiy xizmatchilarning butun kuch-g‘ayratini o‘z professional malakasini, jangovar shayligini oshirishga qaratish imkonini bermoqda.

07.jpg
Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilarning sport mashg‘ulotlarida qatnashish jarayoni, kitob o‘qishi bilan qiziqdi.
02.jpg
Harbiylarimiz jismonan baquvvat, ma’nan yuksak, bilimli, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarimizga munosib bo‘lishi kerak, dedi Prezidentimiz. Buning uchun ular jismoniy mashg‘ulotlar bilan birga har kuni kitob o‘qishi, chet tillarini o‘rganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur.
03.jpg
Harbiy qism xizmatchilarining ma’naviyatini yuksaltirish uchun dam olish kunlari bu yerda olimlar va san’atkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi, spektakllar namoyish etiladi.

Shavkat Mirziyoyev askarlar, ziyolilar bilan suhbatlashdi.

05.jpg
Armiyamizni moddiy jihatdan ta’minlash borasida katta ishlarni amalga oshiryapmiz, zamonaviy texnika va aslahalar bilan jihozlayapmiz. Ammo shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligiga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Buning uchun ziyolilar, ma’naviyat xodimlari bilan hamkorlikni kuchaytirish lozim, dedi davlatimiz rahbari.

04.jpg
Prezidentimiz mutasaddilarga Andijon viloyati misolida harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirishga doir qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun joylarda faoliyat yuritayotgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.

06.jpg
Harbiylarimiz faqat Vatanni himoya qilishi kerak, ularning farovon yashashi, oilasi hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi, dedi Prezidentimiz.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA