Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori» aksiyadorlik jamiyatining savdo majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Majburiy ijro byurosi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq inspeksiyasi hamkorligida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ijro hujjatlariga asosan davlat daromadlariga o‘tkazilishi belgilangan mollarning savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, muvaqqat tarzda o‘tkazilayotgan ikki kunlik savdo yarmarkasida jami 400 million so‘mdan ortiq tovarlar, jumladan, arzonlashtirilgan narxdagi yuzdan ortiq kiyim-kechaklar, poyabzal, gazlama, sochiq, parfyumeriya mahsulotlari, uyali telefon apparatlari va ularning ehtiyot qismlari kabi mahsulotlar sotuvga chiqarilgan.
Yarmarkada tovarlarni aholiga taklif qilish bilan birga, MIB hodimlari onlayn auksionni ham targ‘ib qilayotir. Fuqarolarga onlayn auksionda ishtirok etish tartibi to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Savdo yarmarkasida sotilmay qolingan yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ijro hujjatlariga asosan davlat daromadlariga o‘tkazilishi belgilangan boshqa mahsulotlar Nukus shahridagi maxsus shaxobchalarda ham doimiy sotilishi belgilangan.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA