Jahon banki bilan istiqbolli bitimlar imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Vashington shahridagi Jahon banki shtap-kvartirasida ham bo‘ldi. Davlatimiz rahbarini Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim kutib oldi. Bu xaqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va mazkur bank o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan. 2020 yilgacha hamkorlik qo‘shma dasturiga umumiy qiymati 4 milliard dollar bo‘lgan 27 ta muhim loyiha kiritilgan.

Uchrashuv chog‘ida bog‘dorchilikni rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sanoat korxonalarining energiya tejamkorligini oshirish, isitish tarmoqlarini modernizatsiyalash, moliyaviy konsultativ xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga oid bitimlar imzolandi.

Muzokarada yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

2.jpg