Shavkat Mirziyoyev Pentagonga tashrif buyurdi

Vashington, 17-may. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrif doirasida AQSH mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan uchrashdi.

Pentagonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tantanali kutib olindi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.

Davlatimiz rahbari ko‘p yillik va samarali hamkorlik uchun AQSH tomoniga minnatdorlik bildirib, Prezident Donald Tramp bilan o‘tgan muloqot natijasida davlatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Tashqi siyosatimizdagi ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik prinsiplariga asoslanib, Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlash maqsadida mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, harbiy bilim yurtlari isloh qilindi. O‘zbekiston bu sohada Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan tajriba almashish, harbiy-texnikaviy, mudofaa va xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdor, dedi Prezidentimiz.

Muzokarada xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqada barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

2.jpg
3.jpg
4.jpg

 

O‘zA