Ugo Shonkens boshchiligidagi belgiyalik mutaxassislar Milliy olimpiya qo‘mitasida futbolni rivojlantirish uchun Germaniyada tatbiq etgan dasturni namoyish etib berdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida Ugo Shonkens boshchiligidagi belgiyalik mutaxassislar mehmon bo‘lishdi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Unda futbolni rivojlantirish, bu yo‘lda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, uni to‘g‘ri tashkil etish kabi masalalarda fikr almashildi.
Shoakram Isroilov O‘zbekistonda futbolni Yevropa tajribasi asosida rivojlantirish yo‘lida ish olib borilayotganligi haqida gapirdi.
“O‘zbek futbolini yanada rivojlantirmoqchimiz. Mamlakatimizga Yevropa futboli havosini olib kirish tarafdorimiz. Bugungi kundagi eng asosiy vazifamiz jahon chempionatida ishtirok etish. Bu borada kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Shuningdek, O‘zbekiston chempionati bellashuvlari ham yangicha tizimda o‘tkazilmoqda. Shu va boshqa tashkiliy masalalarda sizdan turli maslahatlar, tavsiyalar olsak xursand bo‘lardik”, – dedi Jismoniy tarbiya va sport vaziri.
“Eng avvalo qiziqish va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘zbek sporti yangiliklarni qabul qilishga tayyor. Biz mamlakatlar tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda rivojlantira olamiz. Buning uchun infratuzilma, malakali kadrlar va albatta mablag‘ kerak bo‘ladi. Hamkorlik qilishdan xursand bo‘lamiz.
Eng avvalo futbolni o‘rganib chiqamiz, so‘ngra bu borada tavsiyalar beramiz. Keyin esa o‘zbekistonlik futbol mutaxassislari bilan birgalikda yangi tizimni ishlab chiqamiz”, – dedi Ugo Shonkens.
O‘z navbatida, Ugo Shonkens bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shundan so‘ng, u futbolni rivojlantirish uchun Germaniyada tatbiq etgan dasturni namoyish etib berdi. Bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Oybek Yunusov, O’zA