Mamlakatimizda Chelyabinsk viloyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda

Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyati gubernatori B.Dubrovskiy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 16 may kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayev bilan uchrashdi. 

Delegatsiya a’zolari dastlab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar bilan tanishdi. Mehmonlar kutubxonada yosh kitobxonlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, bu borada o‘zaro hamkorlik qilish taklifini bildirdi.

Ma’rifat markazida Chelyabinsk viloyati gubernatori va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Chelyabinsk va Toshkent o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqish va kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritildi.

Muzokarada ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va qurilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. B.Dubrovskiy Toshkent shahri ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanib borayotgani, o‘zaro hamkorlikni qurilish materiallari yetkazib berish va Toshkent – Chelyabinsk aviareysini tashkil qilish hisobiga kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.

t_file5467644829829693819.png

O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida imzolangan shartnomalarda ham bu borada kelishuvlar mavjud bo‘lib, Toshkent shahridagi bir qator bunyodkorlik ishlarida bu qo‘l kelayotgani qayd etildi.

Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyati delegatsiyasi shu kuni mamlakatimizning qator kompaniyalarida ham muzokaralar o‘tkazdi.

 

O‘zA