Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasida 16-may kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi.

Unda Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy joriy yil 3-4 may kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Terorizm va zo‘ravon ekstrimizmga qarshi kurash” mavzuidagi oliy darajadagi xalqaro konferensiya yakunlari haqida ma’lumot berdi.

Mazkur konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi va 20 ga yaqin mamlakat tashqi ishlar vazirliklaridan mas’ul vakillar ishtirok etgan. Anjumanda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon nutq so‘zlagan.

Konferensiya terrorizm, zo‘ravonlik, diniy ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashish, bu yo‘nalishda birgalikdagi kelishilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun keng imkoniyat yaratdi.

Tojikiston Respublikasi “2016-2020 yillar uchun Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish milliy strategiyasi”da aks etgan maqsadlarni amalga tatbiq etishda xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning ushbu tendensiyasini qo‘llab-quvvatlashi hamda bu borada barcha qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirilgan.

Brifingda konferensiya yakunlari bo‘yicha imzolangan Dushanbe deklaratsiyasida ko‘zda tutilgan masalalar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA