O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari sherikligining yangi davri boshlanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Donald Tramp muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Bu xaqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Unda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Vazirlik va kompaniyalar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, yuqori texnologiyalar, savdo-sanoat, yoqilg‘i-energetika, transport va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilinganiga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi imkoniyat darajasida emas. 2017-yilda bu ko‘rsatkich 210 million dollardan biroz oshgan. Amerikadek rivojlangan va O‘zbekistondek rivojlanayotgan mamlakat iqtisodiyoti aslida bundan ancha ko‘prog‘iga qodir.

Prezidentimiz ikki tomonlama hamkorlikning shu kabi jihatlarini tahlil qilib, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni, o‘zaro manfaatli va istiqbolli tarmoqlarni ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekistonda xorijiy valyutalar konvertatsiyasi ochilgani, yangi va zamonaviy investitsion muhit yaratilgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar davlat tomonidan kafolatlanishi ta’kidlandi. Mamlakatimizda yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish uchun AQSHning yirik kompaniyalari sarmoya va texnologiyalarini jalb qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar so‘ngida Prezident Donald Tramp Prezident Shavkat Mirziyoyevni kuzatib qo‘ydi.

2.jpg
3.jpg