Tarixiy tashrif arafasida: Frederik Starr navbatdagi kitobini “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” deb nomladi

UzbUSA2018
 
Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi hamda raisi, professor Frederik Starr navbatdagi kitobini “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” deb nomladi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Frederik Starr — amerikalik taniqli ekspert, professor. Markaziy Osiyo, Rossiya va MDH mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis. O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor, AQSH ilmiy va siyosiy doiralarida katta hurmatga ega. U Yevrosiyo mintaqasi davlatlari siyosati hamda tarixiga oid 20 dan ortiq kitob muallifi. Xususan, o‘rta asrlarda yashab ijod qilgan allomalarimiz haqidagi ilmiy-ommabop maqola va risolalari G‘arb mamlakatlari jamoatchiligi orasida ancha mashhur.
Starr O‘zbekistonga ko‘p bora tashrif buyurgan. Jumladan, 2014 yil may oyida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan, 2016 yil dekabr oyidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. O‘tgan yili noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro anjumanning moderatorlaridan biri bo‘lgan. Nufuzli tadbirda ekspert O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyoning birlashtiruvchi markaziga aylanayotganini qayd etgan edi.
Starr mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga xolis yondashadi. Uning konseptual qarashlari tub zamirida “O‘zbekiston —Markaziy Osiyo mintaqasining geostrategik markazi va “yuragi” degan g‘oya mujassam. Ekspert AQSH va O‘zbekiston hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishi hamda mustahkamlashining qat’iy tarafdori bo‘lib kelgan. Buni uning navbatdagi kitobi aynan mamlakatimizning yangi tarixiga bag‘ishlangani ham tasdiqlaydi. Prezidentimizning AQSHga ilk rasmiy tashrifi arafasida taqdimoti o‘tkaziladigan “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” asari xususida maxsus muxbirimiz muallifdan qisqacha gapirib berishini so‘radi.
— 2017 yil O‘zbekiston uchun turli voqealarga boy, barcha sohada jadal rivojlanish davri bo‘ldi, — deydi F.Starr. — Ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy sohalardagi, xalqaro munosabatlardagi ulkan ijobiy o‘zgarishlardan xorijda ko‘pchilik hayratga tushmoqda. Lekin chet elda hamma ham ana shu islohotlar mohiyatini to‘liq tushunib yetayapti, deb bo‘lmaydi.
Shu bois biz 6-7 oy oldin barcha voqealar aks etgan materiallarni to‘plab, tarixga muhrlashga qaror qildik. Kitobda bu o‘zgarishlarga baho bermadik, aksincha faqatgina ularni xolis bayon qildik. Mazkur jarayonda yuzlab huquqiy hujjatlarni, Prezident farmon va qarorlarini o‘rganib chiqishga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, bu oson kechmadi. Toshkentdagi hamkasblarimiz bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganimiz ayni mana shu jarayonda ancha asqotdi. Ular bizga barcha ma’lumotlarni to‘liq taqdim qilishdi. Keyin biz O‘zbekistonning parlament faoliyati, xalqaro munosabatlar, iqtisodiy-ijtimoiy, huquqiy sohalardagi islohotlarini xolis tahlil qilib berishlarini so‘rab, dunyodagi eng taniqli ekspertlarga murojaat etdik. So‘ng ushbu tahliliy materiallarni bir joyga jamladik. Natijada O‘zbekistonda qonun ijodkorligi sohasidagi yangilanishlarni aks ettiradigan yaxlit kitob yaratildi.
Islohotlarning natijalarini aniq va xolis baholash uchun aslida yillar lozim bo‘ladi. Kitobdagi ma’lumotlar esa, jahondagi har bir insonning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tasavvurga ega bo‘lishiga imkon beradi.
Shu o‘rinda aytish joizki, O‘zbekiston suveren davlat sifatida ancha yosh mamlakat. Ammo uning davlatchilik tarixi to‘rt ming yillikka borib taqaladi. Nazarimda, bugun biz O‘zbekistonda ikkita muhim jihatga guvoh bo‘layapmiz. Avvalambor, yurtingiz suveren davlat, yirik iqtisodiyot sifatida yangi qadamlarni tashlamoqda. Jadal sur’atdagi islohotlar muhim natijalarga olib kelishi muqarrar. Biroq bunga yolg‘iz erishib bo‘lmaydi, mintaqa bilan hamjihatlikda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritish mumkin. Shuning uchun ham O‘zbekiston diplomatiyas
ini, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha qo‘shni davlatlar bilan umumiy til topganini e’tirof etish lozim. Ikkinchi muhim jihat shundaki, O‘zbekiston tarixiy taraqqiyot silsilasida, ya’ni umumiy tarix, madaniyat va fan-ta’lim uzviy bo‘lgan mintaqaviy taraqqiyotni qayta uyg‘otmoqda. Bu jarayon u yoki bu davlatda emas, balki birgalikda, ya’ni mntaqadagi har bir mamlakat, jumladan, Afg‘oniston ham bunda muhim rol o‘ynamoqda. Aynan mana shu ikki omil uzviy kechmoqda. Binobarin, O‘zbekiston qancha qudratli bo‘lsa, mintaqa ham shuncha qudratli bo‘ladi. Bu sa’y-harakatlar kimgadir qarshi qaratilmagan, balki hamma uchun ezgu maqsadni ko‘zlagan.
Shavkat Mirziyoyev sharofati bilan O‘zbekistonda chuqur bilim va malakaga ega yoshlar, hokimiyat idoralarida bo‘ladimi, boshqa sohalarda bo‘ladimi, mamlakatda islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Umuman, so‘nggi yillarda yurtingiz evolyutsion o‘zgarishlar sari yuz burdi. O‘zbekistondagi yangilanishlar, hech mubolag‘asiz, har birimizni to‘lqinlantirmoqda. Yaqin kelajakda mamlakatning taraqqiy etgan davlatlar qatoridan o‘rin olishiga ishonamiz.

 

O’zA