Atlantika kengashi ekspertlari: buyuk tarixga ega O‘zbekiston ajoyib kelajak yaratishga munosib

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turibdi.

Davlatimiz rahbarining AQSHga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari qator muhim tadbirlarda ishtirok etmoqda. Kuni kecha Vashingtonda Atlantika Kengashining navbatdagi forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va qator xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“O`zbekiston 24” telekanali muxbirlari Atlantika Kengashi ekspertlarining mamlakatimizda kechayotgan islohotlar haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Jon Edvard XYORBST, Atlantika Kengashining Yevroosiyo markazi direktori:

– O‘zbekistonning yangi qiyofasini ikki muhim xususiyatda ko‘rmoqdaman. Ichki va tashqi siyosatda kechayotgan islohotlar shular jumlasidan. Rasmiy Toshkentning tashqi faoliyati haqida so‘z borganda Markaziy Osiyoda olib borayotgan ochiq siyosatini alohida qayd etish zarur. Ikkinchi jihat bu, albatta, iqtisodiyotni chin ma’noda erkinlashtirish sari tashlanayotgan dadil qadamlar hamda ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlashdagi jihatlardir.

Ariel KOXЕN, Atlantika Kengashi eksperti:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatining o‘ziga xosligi shundaki, u O‘zbekiston eshiklarini XXI asr sari ochmoqdir. O‘ziga xos tarixga ega ushbu mamlakat ajoyib kelajakka ega bo‘lishga ham munosib. Bunda davlat rahbari tashabbusi bilan investitsiya, ta’lim va boshqa qator sohalarda olib borilayotgan uzoq muddatli islohotlar muhim o‘rin tutadi. Amerika tomoni bu kabi islohotlarni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi va yurtingiz xalqiga tinchlik-omonlik istab, iqtisodiy yuksalish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashishni tilab qoladi.

 

O‘zA