O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari hamkorligining yangi bosqichi

Toshkent shahrida 15-may kuni Germaniya – O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, investitsiya, bank-moliya, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobil, kimyo, elektrotexnika sanoati, bank sektori, turizm, xizmat ko‘rsatish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Germaniya – O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “Knauf Gips KG” kompaniyasi ijrochi direktori M.Grundke va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani, iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalar jalb qilish va uning jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar bunda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish belgilangan.

8.JPG

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga to‘liq o‘tildi, biznes sohasidagi soliqlar qisqartirildi, kredit olish imkoniyatlari kengaydi, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilib, ularda investorlarga keng imtiyozlarberildi. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bu xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizga qiziqishini oshirmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda xorij kapitali ishtirokida 5 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda, ulardan 132 tasi germaniyalik ishbilarmonlar bilan tashkil etilgan. O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda Germaniyaning “MAN”, “Claas”, “Lemken”, “Knauf” kabi o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan konsern va korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. “Siemens”, “Bosch”, “Viessmann”,“Humana” va ko‘plab boshqa kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga Germaniyadan jalb etilgan investitsiyalar muntazam ortib borayotir. Mamlakatimizning xorijiy sarmoyadorlarga imtiyoz va imkoniyatlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlari Germaniya ishbilarmonlari orasida yuqori baholanmoqda.

– O‘zbekiston katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, – deydi Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld. – Bugungi tadbirga Germaniyaning yetakchi kompaniyalari tashrif buyurgan. Maqsadimiz – mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish. Tadbir doirasida “Knauf” kompaniyasi Buxoroda yangi ishlab chiqarish liniyasini ochmoqda. Bundan tashqari, avtomobilsozlik va kimyo sanoatida ham hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Majlis doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari uchun O‘zbekiston – Germaniya biznes-forumi va kooperatsion birja tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov germaniyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.

Germaniya biznes-delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholab, ushbu biznes-forum ishbilarmon doiralar vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish maydoni ekanini qayd etdi.

23.JPG

12.JPG
– Germaniyalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli biznes-sheriklikdan manfaatdor, – deydi “Mangold consulting” kompaniyasirahbari Klaus Mangold. – Yurtingizning jozibador investitsiya muhiti xorijiy sarmoyadorlarni o‘ziga keng jalb etmoqda. Men turizm sohasidagi yirik kompaniyalardan bo‘lgan “TUI AG” kuzatuv kengashiga ham raislik qilaman. O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan yaxshi tanishman. Kelgusida mamlakatingizga germaniyalik turistlarni jalb etishni kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Kooperatsion birjada mamlakatimizdan qariyb 150 tadbirkor hamda Germaniyaning 40 ta yirik kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Unda yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shu kuni Germaniya delegatsiyasi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Algoritm” zavodida ham bo‘ldi. Bu yerda Germaniya ishbilarmonlari tomonidan kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Bayram Aytmurodov, Ulug‘bek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA