O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Huawei Tech Investment Tashkent” MCHJ xorijiy kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu kompaniyaning Shenchjen shahri (Xitoy)dagi shtab kvartirasiga tashrifi doirasida imzolangan memorandum O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Huawei Tech Investment Tashkent” MCHJ xorijiy kompaniyasi o‘rtasida telekommunikatsiya hamda mamlakatimiziqtisodiyotining boshqa istiqbolli sohalariga innovatsion yechimlar va texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan har tomonlama hamkorlikni ko‘zda tutadi. “Huawei” kompaniyasining ekspert imkoniyatlari vazirlikning ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish imkonini beradi. Texnopark va innovatsion markazlar konsepsiyasi birgalikda ishlab chiqiladi, “aqlli shaharlar” barpo etish jarayoniga ilg‘or texnologiyalar joriy qilinadi.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, xususan, “Huawei” kompaniyasi ko‘magida mamlakatimizning har bir hududida yuqori texnologik markaz va laboratoriyalar ochishni rejalashtirmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda ishlab chiqarishning turli sohalari samaradorligini oshirishga qodir innovatsion yechim va ishlanmalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday texnologik yangiliklar mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zgartirish, ularning chiqitsiz ishlashini ta’minlash, xarajatlar va yaroqsiz mahsulotning salmoqli foizini kamaytirishga imkon beradi. Bu masalada innovatsion yechimlar ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshiruvchi yirik xorijiy kompaniyalar tajribasi muhim ahamiyatga ega.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA