O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibining Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi oldidan o‘tkazgan onlayn brifingdagi nutqi

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar – ommaviy axborot vositalari vakillari!

Sizlarni Vashingtonda tashkil etilgan Matbuot markazimizda ko‘rib turganimdan xursandman.

Xabaringiz bor, ertaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi boshlanadi. Davlatimiz rahbarining samolyoti Vashingtondagi “Endryus” aeroportiga qo‘nadi. Shavkat Mirziyoyevni AQSH Davlat departamenti rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oladi.

Bu tashrifga har ikki tomon ham katta e’tibor bilan qaramoqda. AQSH ma’muriyati O‘zbekiston Prezidenti tashrifini tarixiy deb baholamoqda.

Fursatdan foydalanib, sizlarga tashrifdan o‘rin olgan tadbirlar haqida ma’lumot berib o‘tmoqchiman:

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo‘lib o‘tadi. Keng doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va AQSH rasmiy delegatsiyasi vakillari ishtirok etadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tashrif davomida 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, shu jumladan, umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar, albatta, tashrif davomida o‘zgarishi mumkin. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Shu kuni kechqurun O‘zbekiston tomonidan rasmiy qabul marosimi o‘tkaziladi. Bu yerda AQSH ma’muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Prezidentimiz 17 may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSH mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazadi. Kapitoliyda Kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki Prezidenti bilan ham uchrashib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb etish bo‘yicha muzokara olib boradi.

Tashrif davomida bo‘lib o‘tadigan muloqotlar, ularning natijalari haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar Matbuot markazi orqali yetkazib boriladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

 

O’zA