Fuqarolik pasportini rasmiylashtirib berish uchun Ozarbayjonda 1 kun, Gruziyada 1 soat, Qirg‘izistonda 3 soat, Qozog‘istonda 2 kun vaqt talab etilar ekan.

Poytaxtimizda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Jahon taraqqiyot banki va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining xodimlari, Toshkent shahri yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti vakillari ishtirok etdi.

Qanday qilib davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini fuqarolar ehtiyojlariga moslashtirish mumkin? Ayni shu savol seminarda muhokama qilindi. Ma’ruzachilar bu borada ilg‘or xorij tajribasidan misollar keltirdi.

Ma’ruzalarda aytilganidek, fuqarolik pasportini rasmiylashtirib berish uchun Ozarbayjonda 1 kun, Gruziyada 1 soat, Qirg‘izistonda 3 soat, Qozog‘istonda 2 kun vaqt talab etilar ekan. Yurtimizda avvallari bu boradagi vaziyat anchayin uzoq vaqtni talab etardi. Endilikda zamonaviy xizmat ko‘rsatish usullaridan foydalanish orqali insonlar emas, hujjatlar harakatlanadigan mexanizm joriy etilmoqda.

Seminarda Jahon banki tomonidan “Fuqarolar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘rsatkichlari” mavzusida hisobot taqdim etildi. Yevropa Ittifoqi ko‘magida tayyorlangan mazkur hisobotda muayyan davlat xizmatiga bo‘lgan ehtiyojlarni baholashning to‘rtta vositasi keltirilgan bo‘lib, ular fuqarolarning turli toifalari uchun davlat xizmatlarining mavjudligi, xizmatning tezkorligi, sifati va faoliyatning shaffofligi kabilardan iboratdir.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA