2018-yilda 22 139 ta arzon uy-joy qurish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko‘lami o‘tgan yilga qaraganda 1,5 barobar ko‘paytirilishi bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “2017-2021 yillarda qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish hamda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida qishloq joylarida aholini zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta’minlash darajasini tubdan oshirish, shaharlarda ko‘p qavatli uylar qurish ko‘lamini kengaytirish hisobiga aholining turmush darajasi va sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yangicha bosqichga olib chiqish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

– 2017-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida qishloq joylarda yangilangan loyihalar asosida 15 mingta arzon uy-joy qurilib, egalariga topshirildi, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari A.Shukurov. – Mazkur uy-joylar qurilgan massivlarda 374 kilometr ichimlik suvi quvurlari, 284 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari, 293 kilometr elektr tarmoqlari hamda 90 kilometr avtomobil yo‘llari qurib bitkazildi. 2018-yilda esa 22 139 ta arzon uy-joy qurish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko‘lami o‘tgan yilga qaraganda 1,5 barobar ko‘paytirilishi bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.

Sohada bir qancha muammolar ham uchramoqda. Jumladan, ayrim obyektlarda qurilish jarayonida texnik nazorat to‘laqonli olib borilmasligi, aksariyat xonadonlarda markazlashgan kanalizatsiya mavjud emasligi, ayrim yangi qurilayotgan massivlar aholi uchun noqulay va tashqi muhandislik hamda transport-kommunikatsiya tarmoqlaridan olisdaligi aytildi.

Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar yechimiga oidtavsiya va takliflar bildirildi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA