O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi

Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T.Erdo‘g‘onning mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Memorandumdan ko‘zlangan maqsad xalqaro xuquqning umume’tirof etilgan tamoyil va me’yorlariga muvofiq huquqiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashishdan iborat.

Memorandumga asosan hamkorlik inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, norma ijodkorligi, yuridik xizmatlar ko‘rsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish kabi sohalar, shuningdek o‘zaro manfaatli boshqa yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.

DSC_2020.JPG

Shu bilan birga, Memorandumda anjuman, seminar, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, qonunchilik va boshqa normativ-xuquqiy hujjatlarni tayyorlash amaliyoti hamda yuridik adabiyot va boshqa nashrlar, tomonlar adliya organlari va muassasalari faoliyatini tashkil qilish bilan yanada to‘liqroq tanishish, hamkorlikdagi tadqiqotlarni tashkil qilish va o‘tkazish, tomonlar tomonidan kelishib olingan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida delegatsiyalar almashinuvi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Memorandum ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasida xuquqiy sohada samarali hamkorlikning huquqiy asosini yaratishga xizmat qiladi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan
aloqalar bo‘limi