Prezidentimiz Namangan viloyati fermerlari bilan muloqot qildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Norin tumanidagi “Besh sada” fermer xo‘jaligi shiyponida Namangan viloyati fermerlari bilan muloqot qildi.

“Besh sada” fermer xo‘jaligi 2004-yil tashkil etilgan. Dolimjon Sharipov rahbarligidagi xo‘jalik ishchilari joriy yilda 27 gektarda g‘alla, 21 gektardan ziyod maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilandi. Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan 2017-yil 9-dekbr kuni o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish va yerdan samarali foydalanish maqsadida chigitni “qo‘shqator” va “oltmishlik” sxemasi asosida ekishni yo‘lga qo‘yish va samarasiz bo‘lgan “to‘qsonlik” sxemadan bosqichma-bosqich voz kechish kerakligini ta’kidlagan edi. Bugun viloyatdagi fermer xo‘jaliklari mazkur ko‘rsatmalar asosida g‘o‘za parvarishini zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘ygan.

“Besh sada” fermer xo‘jaligi ham g‘o‘zani “qo‘shqator” sxemasi asosida ekishni joriy etdi. Buning natijasida 1 gektar yerga qo‘shimcha 35 ming dona chigit qadalib, hosildorlikni 40 sentnergacha oshirish imkoni paydo bo‘ldi. G‘alla hosildorligi 80 sentnerga yetkazilib, olinadigan sof foyda 35 million so‘mga yetishi kutilmoqda.

Prezidentimiz viloyat fermerlari, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan suhbatda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritar ekan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalarida qilinadigan ishlar ko‘pligini ta’kidladi.

– Barcha harakatlarimizdan asosiy maqsad — xalqimizni rozi qilish, ertangi kunga ishontirishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dehqonchilik hadisi olgan mirishkorlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga fermerlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, davlat tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari fermer xo‘jaligi dalasini ko‘zdan kechirdi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA