Prezidentimiz “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida istiqbolli loyihalar bilan tanishdi

Namangan viloyati Chust tumanida kam hosilli yerlardan samarali foydalanish, eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan intensiv bog‘ tashkil etildi. 

Prezidentimiz mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, umuman mazkur sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Korxona 2015-yilda faoliyatini yong‘oq, mayiz va kovulni eksport qilishdan boshlagan. Uning umumiy maydoni 308 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda g‘alla, kungaboqar, loviya, urug‘lik uchun kartoshka, duragay makkajo‘xori, issiqxonada pomidor parvarishlanmoqda. 17 sotixlik tajriba sinov uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sinovdan o‘tkazilayotir. 32 kishining bandligi ta’minlangan. Mavsumiy ish paytida ishchilar soni 800 nafardan ortadi.

Loyiha doirasida 160 getar maydonga serhosil yong‘oq ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Uning umumiy qiymati 9,6 milliard so‘m bo‘lib, yiliga o‘rtacha 4 ming 600 tonna yong‘oq yetishtiriladi. Natijada 15 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Yong‘oqlar to‘liq hosilga kirsa, bir yilda 40,2 milliard so‘mlik mahsulot olish mumkin.

Ushbu loyihada avvalo yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali eksport hajmini oshirish bilan birga yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini bu mahsulotga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishni ko‘zda tutilgan. Yetishtirilgan mahsulotlarning bir qismi ichki bozorga chiqarilsa, 70 foizi xorijga eksport qilinadi.

Shu yerning o‘zida 2018-2019-yillarda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, pillachilik yo‘lga qo‘yish, tomorqachilikni yanada rivojlantirish, issiqxonada limon yetishtirish, tutzorlar tashkil etish, og‘ir hududlardagi maydonlarni suv ta’minotini yaxshilash, paxtadan bo‘shagan yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari yong‘oqzorlarni ko‘paytirish, Baliqchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Umar Asrorov, O‘zA
845
Facebook Twitter Одноклассники Google Plus ВКонтакт Livejournal Mail.Ru