O‘zaro savdo ayirboshlash hajmi sezilarli darajada o‘smoqda

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. 

Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro savdo hajmi va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar alohida qayd etildi.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. Ya’ni, Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. 2017 yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortib, 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

– Shu yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 20 foizga o‘sib, 400 million dollarga yetdi, dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

3d3a1f67-8a1e-a83e-5f80-7d5d898bb2bd.jpg

O‘tgan yilning o‘zida yurtimizda turk ishbilarmonlari investitsiyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxonalar tashkil etildi, 53 kompaniya vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Bugungi kunda mamlakatimizda Turkiya kapitali ishtirokidagi 550 dan ziyod firma va kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

Turkiya Prezidenti o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun bor imkoniyatini ishga solishini, bu har ikki mamlakat rivojida muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

116a8337-5b32-6ab5-60de-6385b2e6debe.jpg

Muzokaralarda transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha atroflicha fikrlashildi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishda milliy aviakompaniyalarimiz o‘rtasida sherikchilik muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan o‘tgan yil oktabridan boshlab “Samarqand – Istanbul”, “Turk havo yo‘llari” tomonidan shu yo‘nalish bo‘yicha joriy yilning martidan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro bordi-keldilar soddalashtirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Hozirgi vaqtda aviaqatnovlarni kengaytirish maqsadida yangi rejalar va qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi dasturlar doirasida turk investitsiyasi ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi ham muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Yana bir muhim yo‘nalish – O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakatda xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali o‘zaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish ishlari bundan keyin ham rag‘batlantirilib borilishi qayd etildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA