Prezident Shavkat Mirziyoyev Pxanmunjomda koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inga tabrik yo‘lladi

Koreya Respublikasi Prezidenti
Mun Chje In Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Sizni 2018-yil 27-aprel kuni koreys xalqi tarixida tom ma’noda unutilmas voqeaga aylangan Pxanmunjom sammitining muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy qutlayman.

Ushbu uchrashuvning butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘lgan inqilobiy natijaga Sizning qat’iy irodangiz, Koreya Respublikasi hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, mintaqada o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga  qaratilgan tinchlikparvarlik siyosatini amalga oshirish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlaringiz tufayli erishildi.

Muzokaralar samimiy va do‘stona muhitda o‘tgani, uning yakunlari bo‘yicha qabul qilingan ikki davlatni yaqinlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarni ko‘zda tutuvchi tinchlik, taraqqiyot va Koreya yarim orolining birlashishi haqidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi denuklearizatsiya jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sizning temir yo‘l va avtomobil qatnovini tiklash to‘g‘risidagi tashabbusingizni alohida ta’kidlashni istardim. Bu Koreya yarim orolining butun Yevroosiyo mintaqasi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirish, uni yagona logistika tizimi va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega mintaqaga aylantirish uchun yangi istiqbollar taqdim etadi.

Muhtaram janob Prezident,

Koreya Respublikasining strategik sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bundan buyon ham Koreya xalqining yaqinlik, Koreya yarim orolida umumiy taraqqiyot va farovonlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi faol amaliy qadamlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.

Koreya xalqining bo‘linib ketgan oilalarni birlashtirish, aloqalarni tiklash haqidagi ko‘p yillik orzusi bir kun kelib albatta amalga oshadi, mintaqada esa barqaror tinchlik va farovonlikka erishiladi.

Siz, qadrdon do‘stim va aziz birodarimga mustahkam sog‘lik, Koreya sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Zero, bu kelishuvlar mintaqada va butun dunyoda vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga tarixiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Siz bilan O‘zbekiston zaminida yana uchrashishni sabrsizlik bilan kutib qolaman!

Yuksak ehtirom bilan,

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti