O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida 26-iyul kuni Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari harbiy-ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining tajriba va bilim almashishini mustahkamlash, harbiy-texnika sohasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi. Xususan, 2018-yilda Turkiya harbiy-o‘quv yurtlari va markazlarining tayyorlov kurslarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Turkiya delegatsiyasi a’zolari Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘ldi va bu yerdagi boy ekspozitsiya bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui va Hazrati Imom (Xastimom) majmuasini ham ziyorat qildi.

 

Ablay Kamolov, O‘zA