“Huquqiy axborot kunlari” aholiga manzur...mi?

Adliya vazirligi tizimi tashkilotlari joylarda “Huquqiy axborot kunlari” o‘tkazishda davom etmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazildi. Tarixiy Oqsaroy majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda 6 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etib, kundalik hayotida duch kelayotgan muammolari, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Shuningdek, 100 nafardan ortiq fuqaroning huquqiy ongi va madaniyati darajasini aniqlash bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi.
photo5408991507056273537.jpg
Oqsaroy majmuasida joylashtirilgan plakatlar va tarqatilgan bukletlarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan ma’lumotlar sodda va tushunarli shakllarda namoyish etildi.
Mazkur uchrashuvlardan yana biri Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Angor tumanida viloyat Davlat xizmatlari boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
photo5408991507056273544.jpg
Unda Angor tumanidagi “Chinobod, “Qadimiy Angor” mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Navbahor”, “Gulzor”, “Qorasuv”, “Yangi turmush” hamda “Katta qum” mahallalarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalarning holidan xabar olindi. Qimmatbaho sovg‘alar va oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida tumandagi kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.Ana shunday uchrashuvlar doirasida bir nechta sayyor sudlar ham bo‘lib o‘tdi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA