Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlandi.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaratishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

So‘nggi bir yarim yil davomida mamlakatimizda Imom Termiziy hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Buxoroda “Mir arab” oliy madrasasi ochildi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotalari avvalgi yillarga nisbatan ikki barobarga oshirildi.

Kalom, Hadis, Aqida kabi ilmiy maktablar respublikamiz bo‘ylab o‘z faoliyatini boshladi. 2017-yil 13-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston” teleradiokanalining “Hidoyat sari” studiyasi va Toshkent Islom universiteti “Ziyo media markazi” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan mazkur islohotlar boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilish bilan birga necha asrlardan beri islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy ma’rifatini yanada yuksaltirishda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Ushbu maqsadda farmonda qator ustuvor vazifalar belgilangan. Jumladan, “jaholatga qarshi ma’rifat”g‘oyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, farmonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tuzilmasida diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi, O‘zbekiston islom akademiyasi va Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo‘lgan Malaka oshirish markazi, oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi nazarda tutilgan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, boy diniy-ilmiy merosni keng targ‘ib qiluvchi, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilishi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishibelgilangan.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA