Turkiyada O‘zbekistonga ota yurt sifatida katta hurmat va ehtirom bilan qarashadi

O‘zbekiston zaminiga uchinchi marta kelishim. Turkiyada O‘zbekistonga ota yurt sifatida katta hurmat va ehtirom bilan qarashadi. Har gal yurtingizga kelganimda keng qamrovli o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman. 

Toshkentdan Samarqandga borgunimizcha ko‘zni quvnatadigan tabiat go‘zalliklari, zumrad kengliklar, ajib bog‘lar, mehnatsevar xalqingiz qo‘li bilan yanada tarovatli ko‘rinish kasb etgan dalalarni ko‘rib ko‘nglimiz, ko‘zimiz huzurlandi.

Mo‘jizakor yurtingizda ko‘plab millat va elat vakillari safida turklarning ham yagona, ahil oila farzandlaridek istiqomat qilayotganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Ular ta’lim-tarbiya, tibbiyot, ishlab chiqarish, san’at va madaniyat, ilm-fan, tadbirkorlik sohalarida samarali mehnat qilayotgani e’tiborga molik.

Azaldan o‘zbek va turk xalqlari tili, e’tiqodi, tarixi bir, taqdiri tutash, qon-qarindosh sanalgan. Atoqli o‘zbek shoiri, mutafakkiri Alisher Navoiy bizning ham daho shoirimizdir. Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyga bizning yurtda ham katta ehtirom bilan munosabatda bo‘lishadi. Naqshbandiya tariqatidagi allomalar biz uchun ham juda mo‘tabar zotlardir. Buyuk Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bekning jahon tamadduni, ilm-fani rivojiga oid bebaho merosi butun bashariyatning ma’naviy mulkidir. Ular mangu orom topgan joylarni ziyorat etish insonga cheksiz hayajon, ruhiy sokinlik, ma’naviy quvvat, yuksalish bag‘ishlaydi.

Keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora kengayib, rivojlanib bormoqda. Bu jihatlar siyosiy, iqtisodiy sohalar bilan birga madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-gumanitar sohalarda ham namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonning har bir go‘shasi – Xorazm, Farg‘ona, Buxoro-yu Samarqand, Toshkent o‘z ko‘rki, fayzi, tarovatiga ega maskanlardir. O‘zbekiston tarixi boy va betakror, buguni farovon, ertangi kuni yanada yorug‘ mamlakat sifatida qalbimizga muhrlangan.

Mahmud Arslan,
“Haq ish” Turkiya kasaba uyushmalari
konfederatsiyasi prezidenti.

 

O‘zA