Farg‘ona tumanidagi 25-bolalar musiqa va san’at maktabi eshigiga qulf osilgan, negaki cho‘kish va o‘pirilish natijasida binoga jiddiy shikast yetgan. Yangi maskanda maza qilib san’at sirlarini o‘rganamiz, degan yoshlarning umidlari puchga chiqdi.

Mamlakatimizda navqiron avlodning badiiy-estetik ta’lim-tarbiyasini takomillashtirish, yoshlarga o‘z iste’dod va ijodiy salohiyatini rivojlantirishi uchun har tomonlama ko‘maklashish, buning uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’’tibor qaratilmoqda. 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida ham ko‘plab san’at maskanlari bunyod etildi.

Viloyatning chekka hududi Avval qishlog‘ida 2013-yilda barpo etilgan mazkur bolalar musiqa va san’at maktabi binosi loyihasi “Farg‘onakommunalfuqaroqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan va qurilish ishlariga 2 milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Bunyodkorlik ishlarini “Chin-A” xususiy firmasi quruvchilari amalga oshirgan. Albatta, ko‘rkam va zamonaviy bu binoga barcha havas bilan qaragan edi. Afsuski, bu havas va quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Ko‘p o‘tmay yangi binoda yoriqlar paydo bo‘lib, bino cho‘ka boshladi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi? Maktab hududidagi yer osti suvlarining gidrogeologik harakati natijasida asos gruntida o‘pirilishlar vujudga kelgan. Shuningdek, sochsimon yoriqlar musiqa zalining bo‘ylama va ko‘ndalang devorlari kesishgan joylarida ham vujudga kelgan. Viloyat davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining 2017-yil 13-iyuldagi mazkur maktab binosining texnik holati bo‘yicha xulosasida shunday deyiladi: “Avval qishlog‘i hududida tiklangan 25-musiqa maktabi atrofidagi asos gruntining yer osti buloqlari suvining to‘planishi natijasida o‘pirilishi tabiiy ofat sifatida qaralishi lozim”.

Yer osti suvlari harakatini binoga zararsiz holatga keltirish uchun ochiq drenaj quvuri qazilishi va boshqa konstruktiv tadbirlar amalga oshirilishi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berilgan bo‘lib, ayni paytda binodan foydalanilayotgani yo‘q.

Mazkur maktab o‘quvchilari dars mashg‘ulotlarini qishloqdagi transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining yotoqxonasi binosida vaqtincha o‘tamoqda. Bu yerga yaqinda Nilufar Boltaboyeva yangi rahbar etib tayinlangan ekan. Uning ta’kidlashicha, 200 ga yaqin bola 10 yo‘nalishda musiqa va san’at sirlarini o‘rganmoqda. O‘quvchilar orasida iste’dodli yoshlar ko‘p. Fortepiano bo‘yicha Jasur Inomjonov 28-aprel – 2-may kunlari Italiyada bo‘lib o‘tadigan “Open Italy” xalqaro tanlovida ishtirok etadi. Xushnudbek Sotiboldiyev, Maryam Tursunaliyeva, Madina Shermatova kabilar yurtimizdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan.

Yangi san’at maskanining mana bunday holatga tushgani barchaning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Maktab ma’muriyati mazkur masala bo‘yicha bir qator idoralarga murojaat qilgan. Ammo ulardan hali-hamon amaliy javob yo‘q.

Biz hech kimni aybdor sanash niyatida emasmiz. Bu masalada tegishli idoralar o‘z xulosasini beradi, albatta. Bizni ko‘pchilik ota-onalar qatori bir savol o‘yga soladi. Mazkur bolalar musiqa va san’at maskanining keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Davlatning milliardlab sarflangan puli evaziga qad ko‘targan maskan shunday holda cho‘kib yotaveradimi? Bu borada mutasaddilardan javob kutib qolamiz.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA