Mamlakatimizda milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, fuqarolar sudlarga internet orqali murojaat qilmoqda.

Bunga imkon yaratgan E-Sud tizimi orqali sud jarayonlarining borishi haqida xabardor bo‘lib turish hamda chiqarilgan sud hujjatlarini elektron shaklda qabul qilib olish imkoniyati ham mavjud.

Mamlakatimizga tashrif buyurgan AQSHning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning qonun ustuvorligi masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Sara Logan E-Sud imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov mehmonni E-Sud tizimining ishlash jarayoni, aholidan tushayotgan murojaatlarning qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi bilan tanishtirdi.

Muloqot davomida mehmonga O‘zbekiston sud sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berildi.

E-Sud axborot tizimi mamlakatimizning barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida joriy etilgan. Tizimni boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirish va fuqarolarga yangi interfaol xizmatlarni yaratish borasida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

2018-yilning birinchi choragida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga E-Sud tizimi orqali jami 204 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Shulardan 128 mingga yaqini sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi, 76 mingdan ziyodi esa da’vo tartibida hal qilinadigan da’vo arizalaridan iborat.

Elektron sudlov fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish tezkorligini oshirdi. Tizim taraflarning ovoragarchiligi, turli sansolarliklar, ortiqcha qog‘ozbozlik va boshqa sarf-xarajatlarga chek qo‘ymoqda.

Muloqot yakunida Sara Logan O‘zbekistonda islohotlar tezkorligiga guvoh bo‘lganini bildirdi. Qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida fuqarolarning sudga murojaat qilishi uchun qulayliklar yaratilayotgani e’tiborga loyiq ekanini qayd etdi.

 

Norgul Abduraimova,O‘zA