Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida Xitoy kinosi kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Xitoy milliy madaniy markazi vakillari, XXRdan tashrif buyurgan mehmonlar, kino sohasi ijodkorlari, kinoshunoslar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ikki mamlakat o‘rtasidagi filmlar almashinuvini tashkil etish, O‘zbekiston va Xitoy kinoijodkorlarini jalb etgan holda, qo‘shma filmlar suratga olish, multiplikatsiya sohasida hamkorlik qilishdir. Shuningdek, Xitoyda ham o‘zbek kinosi kunlarini o‘tkazish va u yerdagi nufuzli xalqaro kinofestivallarda o‘zbek filmlarining ishtiroki uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.

– Yurtimizda Xitoy kinosi kunlari bo‘layotgan ayni vaqtda, Qozog‘istonda o‘zbek kinosi kunlari davom etmoqda, – deydi hujjatli filmlar kinostudiyasi direktori Bahodir Odilov. – Unda taniqli rejissyorlarimiz tomonidan suratga olingan, tomoshabin olqishini qozongan, eng sara filmlar namoyish qilinayotir. Kino san’ati rivoji uchun bu kabi amaliy, do‘stona harakatlar g‘oyatda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonlik kino ixlosmandlari uchun xitoylik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Pul yo‘lda yugurmoqda” va “Yangi uzilgan gullar” filmlari namoyish etiladi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA