Avval xabar qilinganidek, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoalari joriy yilning aprel oyidan sentyabr oyiga qadar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar armiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan turli musobaqalarda qatnashmoqda. Vazirlik matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, harbiylarimizharbiy-sport turlari bo‘yicha “Qo‘mondonlar startlari”da faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasinipodpolkovnik Bahodir To‘xtanazarov, podpolkovnik Zokir Xoziyev, mayor Madiyor Saidov, mayor Sherzod Rashidov, kapitan Avaz Usmonov, kapitan Baxtiyor Madaminov, kapitan Odilbek Yuldoshev va kapitan Husniddin Elmurodov tanishtirdi.

Moskva shahrining SSKA sport majmuasida bo‘lib o‘tgan “Qo‘mondonlar startlari”da Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekiston jamoalari ishtirok etdi. Harbiy sportchilar 4×400 metrga yugurish estafetasi hamdasuzish, miltiqdan o‘q otish, turnikda tortilish va 1000, 2000, 3000 metr masofaga yugurishdan iborat to‘rtkurash bo‘yicha bahslashdi.

2000 metr masofaga yugurish bo‘yicha 6,04 daqiqa natija bilan sportchimiz mayor M.Saidov g‘olib bo‘ldi, ikkinchi o‘rin rossiyalik sportchi, uchinchi o‘rin yana bir sportchimiz – kapitan B.Madaminovga nasib etdi.

Estafetada yurtimiz jamoasi Belarus terma jamoasi vakillaridan 2 soniya orqada qolib, rossiyalik sportchilarni ortda qoldirgan holda ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston jamoasi to‘rtkurash bo‘yicha ham ikkinchi o‘rinni egalladi, shaxsiy birinchilikda esa brigada qo‘mondonlari o‘rtasidapodpolkovnik Z.Xoziyev, batalon qo‘mondonlari o‘rtasida M.Saidov va vzvod qo‘mondonlari o‘rtasida kapitan A.Usmonov uchinchi o‘rinni egalladi.

Harbiy sportchilarimiz jami bitta oltin, 14 kumush va 5 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Rossiya, ikkinchi o‘rin O‘zbekiston va uchinchi o‘rin Belarusga nasib etdi.

Oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasida manzilni topish va tog‘ uchkurashi musobaqalari, iyun oyida Belarusda ko‘pkurash musobaqalari, avgust oyida Qirg‘izistonda ofitserlar o‘rtasida uchkurash hamda shtatli quroldan otish musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

Ablay Kamolov, O‘zA