Robot ixtirochisi homiy qidirmoqda

Ko‘zi ojiz inson ko‘chada borar manzilini yo‘qotib, yordam so‘rasa, yo‘l chetida o‘rnatilgan robot unga manzilga yetib olishi uchun taksi chaqirsa. Yoki viloyatdan poytaxtga kelgan yurtdoshimiz borar joyiga qaysi yo‘ldan qancha vaqtda va qancha yo‘lkira sarflab borishni bilmoqchi bo‘lsa robot ko‘mak beradi. Agar sayyohlarga shu kabi yordam kerak bo‘lsa-chi?
Abror Yo‘ldoshev Toshkent radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kollejiga o‘qishga kelganida robot yaratish hayolida ham yo‘q edi. Biroq, 2016 yilning 7 mayida u kollejda qanday yutuqlarga erishish mumkinligini anglab yetdi.
Bunga Radio kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ko‘rgazma sabab bo‘ldi. Unda kollej o‘quvchilarining yil davomida yaratgan ixtirolari, yangi g‘oyalari namoyish etildi.
– Ko‘rgazmani aylanib yurib, harakatlanayotgan qo‘l, turli uchuvchi jismlarni ko‘rib, tengdoshlarimga havasim keldi,-deydi Abrorjon. – Ana shu tengdoshlarim qatori menga ham ustozlar ta’lim berayotgan bo‘lsa, ulardan kam joyim bo‘lmasa, nega men ham ixtirolar qilib, izlanishlar olib bormasdan vaqtni bekorga o‘tkazib yuribman. Shunday xayollar bilan shu kuniyoq, amaliyot ustozi Tohir akaga uchrashib, men ham to‘garakka bormoqchiman, qachon borsam bo‘ladi dedim. Ular istagan vaqtingda kel deb aytdilar.
Ko‘nglida yangilik yaratish ishtiyoqi kuchaygan Abrorjon shu tariqa Tohir akaga shogird tushdi. U qamarni ilon kabi o‘ynatish borasida fikr berdi. To‘garak a’zolarining biri bu bo‘lmaydigan g‘oya desa, yana biri bu jarayonga qiziqib qoldi. Izlanishlardan keyin buning uchun hamma tomonga oyna qo‘yib, magnit yopishtirilsa, kamar ilonga o‘xshab qimirlab turishi aniqlandi.
photo5397984467949299928.jpg
Biroq, bu g‘oya amalga oshgani bilan hech kimning og‘iri yengil bo‘lib qolmasligini anglagan Abrorjon el-yurtga foydali bo‘lgan yangilik yaratish borasida izlanishni boshladi. Shu tariqa ustozi Tohir aka do‘sti Abdug‘ani ko‘magida gantel ko‘taradigan robotni yaratdi. Uning yuzini insonnikiga o‘xshatish uchun kollej ustaxonasida Abrorjonning yuz qiyofasidan albastr yordamida bir necha marotaba qolip olindi. Bu ixtiro uchun Abrorjon O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Innovatsion rivojlanish vazirligining bir qator tashakkurnomalariga sazovor bo‘ldi.
– Ayni vaqtda biz yaratgan navigator robotni keng miqyosda ishlab chiqarishga homiy kerak,-deydi Abrorjon. – Bu robot yurtimizda sayyohlikni yanada rivojlantirishga yordam beradi. Biznes rejaga ko‘ra bizga 80-90 million so‘m kerak bo‘ladi. Bu mablag‘ning asosiy qismi robotlarni dasturlashtirish uchun sarflanadi.
photo5397984467949299929.jpg
Bizning bilishimizcha, bu loyiha ko‘magida O‘zbekistonga kirib kelgan sayyohga kerakli manzilni tez va oson topish imkoniyati yaratiladi. Aeroport, temiryo‘l vokzali, mehmonxonalar, bozorlarga o‘rnatilgan robot monitorida bir nechta vazifalar belgilangan bo‘ladi. Sayyoh boradigan manzilini xaritasini robotdan bilib olishi, manzilga qanday borishni aniqlashi, taksiga buyurtma berishi, avtobus yoki marshurutkani kelish vaqtini ko‘rishi, ob-havo ma’lumotlari olishi mumkin.
Qayd etish joizki, hozirda jahondagi sanoqli davlatlarda-Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Xitoyda robotlardan foydalanilmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA