Ko‘rkamligi jihatidan jahondagi 10 ta aeroportdan biri Ashxabodda

Inshoot Turkmaniston aviatsiyasining ramzi bo‘lmish – parvoz qilayotgan lochinni eslatadi.
Bugungi kunda jahondagi rivojlangan mamlakatlarda superzamonaviy aeroportlar barpo etilmoqda. Yo‘lovchilar oqimining yil sayin ko‘payib borayotganini inobatga olgan Turkmaniston hukumati ham poytaxt Ashxabodda yangi xalqaro aeroport qurdi.
01.jpg
Yangi inshoot Turkmaniston aviatsiyasining ramzi bo‘lmish – parvoz qilayotgan lochinni eslatadi. “O‘g‘uzxon” nomi bilan ataluvchi Xalqaro aeroport tenderda g‘olib chiqqan Turkiyaning Polymeks Company kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Turkiya kompaniyasi Germaniyaning ikkita – EWC va Hoshtiyef hamda Fransiyaning ikkita – Bouygues va VINCI Construction kompaniyalarini dog‘da qoldirdi. Shuni eslatib o‘tish kerakki, Turkiya kompaniyasi Turkmanistonda qurilish borasida katta tajribalarga ega. Umumiy hisobda bu kompaniya 120 ta qurilish loyihasini amalga oshirgan.
04.jpg
Uchta – yo‘lovchi,VIP va yuk terminallari bo‘lgan yangi aeroport bir soatda 1600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu degani bir yilda 14 million yo‘lovchi Ashxaboddagi Xalqaro aeroport xizmatidan foydalana olishini anglatadi. Loyiha qiymati 2,2 milliard dollarga teng aeroport qurilishi 2013-yilda boshlandi va 2016-yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirildi.3800×75 metrlik uchish-qo‘nish maydonchasi barcha rusumdagi samolyotlarga xizmat ko‘rsata oladi. Mazkuraeroport o‘zining ko‘rkamligi jihatidan jahondagi 10 ta aeroportdan biri sifatida tan olindi.
03.jpg
Yangi aeroport tarkibida 95 ta turli (60 ta yirik va 35 ta kichik) inshoot mavjud. Aerovokzal majmuasi 1200 gektar hududni qamrab olgan.
Ashxabod aeroportida (Aşgabat aeroporty) “Turkmenxovayollarы” aviakopaniyasining qarorgohi joylashgan. Aeroport atrofida avtomobillarning bepul turargohi tunu kun ishlaydi. Uning yaqinida esa shahar transporti va taksilar bekati bor.
Yo‘lovchilar terminali besh qavatdan iborat bo‘lib, ichki va xalqaro yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatadi. Kutish va ro‘yxatga olish zallari, informatsion tablo,ma’lumotlar byurosi, sensorli elektron ma’lumotlar sistemasi, chipta kassalari, internet-kafe, pochta bo‘limi, telefon-avtomatlar, avtotransport ijarasi punktlari, valyuta ayirboshlash shaxobchalari, kafeteriya, restoran, “duty-free” do‘konlari jahon standartlari darajasida. Uchuvchilar va tranzit yo‘lovchilar uchun mehmonxonalar, onalar va bolalar xonasi ham qurildi. Bolalar maydonchasi, tez tibbiy yordam ko‘rsatish xonasi ham noyobligi bilan ajralib turadi. Shuni aytish kerakki, 2014-yilda Havo transporti xodimlarini tayyorlash maktabi o‘z faoliyatini boshlagan edi.

 

Sharofiddin To‘laganov