O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha ta’lim vaziriligi matbuot xizmatining xabar berishicha, unda davlat ta’lim muassasalari hududida shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tartibga solish masalasi muhokama etilgan.
Yig‘ilishda Maktabgacha ta’lim vazirligining davlat ta’lim muassasalari hududida foydalanilmay turgan bo‘sh maydonlar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilayotgani to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
Muhokamalar asnosida 2018-yilning 1-mayidan boshlab ehtiyoji yuqori bo‘lgan davlat ta’lim muassasalari hududida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari bilan litsenziya amal qilish muddatini uzaytirish uchun yangi ijara shartnomasini tuzish qat’iyan man etilishi belgilandi.
Bugunga qadar davlat ta’lim muassasalari hududida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari litsenziyasining amal qilish muddati doirasida ijara shartnomasiga ko‘ra, o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligi hamda litsenziyaning amal qilish muddati tugashidan ikki oy avval davlat ta’lim muassasa rahbari nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari nomiga bildirgi yuborishi lozim.
Litsenziyaning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat ta’lim muassasalari hududida faoliyatini davom ettirayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari yoki boshqa tadbirkorlik subyektlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining kelgusida o‘z faoliyatini davlat xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Umida Qurbonova