Shahrisabzda kurash bayrami

Shahrisabzda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnir boshlandi. 
Turnirning tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.Isroilov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi asoschi raisi K.Yusupov milliy qadriyatimiz kurash bugun dunyoning barcha mintaqasida jadal rivojlanib, nufuzi yuksalib borayotganini ta’kidladi.
photo5393125004511652052.jpg
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2 oktabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz va xalqaro miqyosida yanada rivojlantirish va ommalashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qator mamlakatlarda kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlar muntazam o‘tkazilayotgani, 2007-2008 yillarda Makao va Vetnamda o‘tgan II va III Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida, 2009 yili Tailandda Jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarida, 2014 va 2016 yillarda Tailand va Vetnamda o‘tgan Osiyo sohil o‘yinlarida, 2013 yili Janubiy Koreyada va 2017 yili Turkmanistonda o‘tkazilgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tgani, 2018 yili Indoneziyada bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgani hech mubolag‘asiz uning kelajak sporti sifatida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olishiga ishonch bag‘ishlaydi.
photo5393125004511652069.jpg
“Hisor” markaziy stadionida o‘tkazilayotgan nufuzli turnirda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatdan uch yuzga yaqin kurashchi g‘oliblik uchun bellashmoqda. Musobaqa erkaklar o‘rtasida to‘rtta, ayollar o‘rtasida ikkita vazn toifasida o‘tkazilmoqda. Xalqaro turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Mutlaq vazn toifasida musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan kurashchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollari bilan mukofotlanadi.
– Bu yilgi musobaqa dunyoning kuchli polvonlarini Shahrisabzga jam qilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu bellashuvlar qizg‘in va shiddatli bo‘lishidan dalolatdir, – deydi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Shuhrat Arslonov. – Bugun kurash butun dunyo sportiga aylangani bizlarni quvontiradi.
photo5393125004511652061.jpg
photo5393125004511652066.jpg
Musobaqa haqida batafsil ma’lumot olish uchun saytimizni kuzatib boring.

 

Bayram Aytmurodov, Muhammad Amin (surat) O‘zA