Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida ishlar tartibli yo‘lga qo‘yilganmi? Qayta olib borilgan jurnalistik surishtiruv natijasi qanday?

Ўзбекистон Миллий ахборот агентлигининг www.uza.uz сайтида 2018 йил 5 февраль куни “Миграция ва фуқароликни расмийлаштириш тизимида ишлар тартибли йўлга қўйилганми?” сарлавҳали мақола эълон қилиниб, унда Мирзо Улуғбек тумани миграция ва фуқароликни расмийлаштириш бўлимида фуқароларни овора қилиш, узоқ муддат навбатда туриш ёхуд ходимларнинг ишга кеч келиши, намуна ойналарининг тўлдирилмагани, эшикларда мутахассислар исм-шарифи, хизмат кўрсатиш йўналиши кўрсатилмагани ҳақида камчиликлар борлиги айтилганди.

O‘zA muxbirlari Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi faoliyatini bir hafta davomida kuzatdi.

Bo‘lim boshlig‘i, boshliq o‘rinbosari, O‘zbekiston fuqarolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish va chiqarish, chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish, fuqarolarni chet elga vaqtincha chiqarish bo‘yicha mutaxassis, fuqarolarimizni vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish, voyaga yetmaganlarni pasport bilan rasmiylashtirish, doimiy yashovchi chet el fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan ishlash yo‘nalishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini biometrik pasport bilan rasmiylashtirish bo‘limlarida fuqarolarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Eshikdan kiraverishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbar xodimlarining qabul kunlari va vaqtlari yozilgan. Shu bilan birga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining ish tartibi ham har kuni 9:00 dan 18:00 gacha deb belgilangan. Payshanba profilaktika kuni ekani ham qayd etilgan. Rasmiy ma’lumotlar bazasi to‘ldirilgan. Qabul qiladigan mutaxassislar xonasining chizmasi tashkilotga ish bilan kelgan yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratmoqda.

Ayni vaqtda muassasa qoshida oltita xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. Qaysiki, yo‘nalish bo‘yicha bo‘lsa ham, ular sizga kerakli hujjatlarni ayta oladi va to‘ldirib beradi. Bu aholiga qulaylik yaratish maqsadida yaxshi va puxta o‘ylangan chora ekanini ta’kidlagan edik. Endilikda ularning munosabati, aholiga berayotgan ko‘magidan murojaat qiluvchilar xursand.

2011 yil 5 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq mamlakatimizda aholiga xalqaro standartlarga javob beradigan biometrik pasportlar berila boshlangan edi.

Ushbu pasport egasining biografik ma’lumotlari, shuningdek, raqamli fotosurat hamda barmoqlar izi tushirilgan biometrik parametrlarini o‘zida jamlagan elektron axborotga ega hujjatdir. Mazkur bo‘lim tomonidan pasport berila boshlagandan buyon, 188 mingdan ortiq fuqaroga biometrik pasportlar berildi. Joriy yilning shu davrigacha 2 ming 600 dan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatildi.

Ayni vaqtda tumandagi mahallalar tomonidan imkoniyati cheklangan, yurolmaydigan, kasallik natijasida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga kelolmaydigan fuqarolar murojaatiga ko‘ra, soha xodimlari o‘sha fuqaroni biometrik pasport uchun rasmga tushirish, barmoq izlarini olish maqsadida maxsus apparatlarni xonadonlarga olib bormoqda. Bu aholining manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir. Hujjat tayyor bo‘lgach, jismoniy imkoniyati cheklanganlarning xonadoniga borib, fuqarolik pasporti topshiriladi.

Fuqarolikka qabul qilish, fuqarolikdan chiqarish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy ro‘yxatga olishga oid namunaviy peshtaxtalar ham namunalar bilan to‘ldirilgan. Bu fuqarolarga yanada qulaylik yaratmoqda. Navbat kutayotganlar ham ko‘p emas. Bu ishingizni tez bitishi, muammoning oson ko‘chishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

Bu kabi jiddiy masalalarni hal etish faqat bittagina tashkilot yoki xodimning ishi emasligini anglagan soha mutaxassislari hamkorlikda vaziyatni yaxshilash, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga astoydil harakat qilmoqda. O‘ylaymizki, bu sa’y-harakatlar bardavom bo‘ladi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA