Shavkat Mirziyoyev: farzandlarimiz sog‘lom o‘sishi kerak

Prezidentimiz Guliston shahridagi suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida qurilgan yopiq suzish havzasini borib ko‘rdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi to‘g‘risidigi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq, mazkur viloyatda suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tashkil etildi.

Sport maskanidagi suzish va suvga sakrash mashqlari uchun 25×11 hamda 6×12,5 o‘lchamdagi suzish havzalari, balandlikdan suvga sakrash sport turi uchun alohida zal qurilgan bo‘lib, bu hovuzning hajmi 12×10 metr va yosh sportchilar suvga sakrashi uchun ularga moslab 1,3 va 5 metr balandlikda tramplinlar o‘rnatilgan. Bu yerda ham tomoshabinlar uchun 250 o‘rindiq o‘rnatilgan. Bir kunda 250 kishini qabul qiladigan majmua barcha jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, tibbiyot xonalari, trenajyor, oshxona va boshqa xonalarda sportchilar muntazam shug‘ullanishi mumkin. Bundan tashqari, suvni tozalash, isitish uskunalari ham o‘rnatilgan.

Ayni paytda bu yerda suzish bo‘yicha tashkil etilgan 15 o‘quv- mashg‘ulot guruhiga 176 yosh jalb qilingan.

Prezidentimiz yopiq suzish havzasining havo aylanish tizimini yaxshilash, shug‘ullanuvchilar erkin harakat qilishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

 

Umar Asrorov, O‘zA