Belarus kuylari yangragan oqshom

Belarus kuylari yangragan oqshom

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida Belarus Respublikasi madaniyat kunlariga bag‘ishlangan tantanali konsert bo‘lib o‘tdi.

Mazkur davlatning san’at ustalari va ijodkor yoshlari ishtirokidagi konsertga turli vazirlik va idoralar, madaniy-ma’rifiy muassasalar mutasaddilari, san’at ixlosmandlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus vakillari taklif etildi.

4.JPG

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Belarus Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari I.Driga xalqlar, mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, ahillik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda, o‘zaro madaniy-ma’rifiy aloqalar kengayishida san’atning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Yurtimizning opera, xoreografiya, musiqa ijrochiligi sohalarida izlanayotgan yoshlari ushbu davlatda bo‘lib o‘tgan ko‘plab xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ayni paytda belarus rassomlari, fotoijodkorlarining ijodiy ishlari Toshkentdagi xalqaro biyennalelar, fotoko‘rgazmalarda muntazam namoyish etilmoqda. Kutubxonachilik, muzeyshunoslik, yetakchi ilmiy nashrlardan foydalanish, ta’lim sohasi mutaxassislari yurtimizdagi ma’rifiy konferensiyalarda faol ishtirok etmoqda.

6.JPG

– Toshkent tinchlik, do‘stlik, birodarlik shahri, – deydi belaruslik xonanda I.Zadorojniy. – Bo‘lib o‘tayotgan madaniy tadbirlarda bu jihatlar yana bir karra namoyon bo‘layotir. Joriy yilning kuzida Belarus Respublikasida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy-ma’rifiy rishtalarning tobora mustahkamlanishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Qadimiy va boy an’analarga asoslangan belarus musiqa san’ati betakrorligi, jo‘shqinligi bilan diqqatga sazovor. Konsertda mazkur xalq musiqa, xoreografiya san’atining eng sara namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

 

Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA

  13.04.2018, 08:43  |    45 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!