O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 12-aprel kuni o‘tkazilgan majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. 

Ilgari xabar qilinganidek, kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalari avval siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo‘mitalar va ular huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan ekspert guruhlarining majlislarida muhokama qilingan edi.

Qonun loyihalari 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida muhim vazifalar sifatida belgilangan islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh qilishga qaratilgandir.

Chunonchi, deputatlar o‘z ishlarini texnik reglamentlarga rioya qilish ustidan samarali davlat nazoratini, mahsulotni majburiy sertifikatlashtirish qoidalari sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari tomonidan buzilmasligi uchun ularning mas’uliyatini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlik guruhi, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, amaliyotchi mutaxassislar va olimlardan iborat ishchi guruhi shakllantirildi.

Deputatlar mazkur qonunning qabul qilinishi zaruratiga to‘xtalib, u mahsulotlar, jarayonlar, ishlar va xizmatlarning xavfsizligi, sifati va raqobatbardoshliligini oshirish masalalarida iste’molchilar va davlat manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shu bilan birga mazkur hujjat mahsulotlarni sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik uchun sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalarining mas’uliyatini oshirish, shuningdek, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarning normalarini to‘laqonli amalga oshirishni ta’minlaydi.

Joriy yilning mart oyida parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida o‘tkazilgan nazorat-tahlil o‘rganishlari yakunlariga ko‘ra bir guruh deputatlar tomonidan tayyorlangan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.

Ta’kidlash joizki, loyiha xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston qonunchiligida sug‘urta shartnomasi bir yilgacha muddatga tuziladi, shuningdek, har bir transport vositasiga alohida sug‘urta polisi beriladi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida parlament Qonunchilik palatasi deputatlaridan, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan, amaliyotchi mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Bundan tashqari, qonun loyihasi deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida har taraflama muhokama qilish uchun joylashtirilgan bo‘lib, bu obunachi saylovchilarning fikr-mulohazalari va takliflarini hisobga olish imkonini berdi.

Qonun loyihasiga muvofiq faoliyati litsenziyalanadigan, transportda yo‘lovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan yuridik shaxslarga tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini uch oydan bir yilgacha muddatga tuzish huquqi berilmoqda. Ushbu normaning qo‘shilishi tashuvchilarga litsenziyalarning amal qilish muddatiga qadar sug‘urta shartnomasini tuzish, litsenziyalarni bekor qilish va qaytadan ro‘yxatga olish uchun ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi, ta’kidlanganidek, litsenziyalanadigan transportda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan tashuvchilar uchun shart-sharoitlar yaratadi.

So‘ngra «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 32 va 245-moddalariga tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini, bundan yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari mustasno, amalga oshirish huquqini, «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimida turgan tovarlarni reeksport qilishga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ruxsatnoma berilishi bo‘yicha talabni bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Tuzilgan maxsus ishchi guruh tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlash doirasida qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan tahlil yakunlari taqdim etildi hamda ushbu soha ekspert-mutaxassislarining fikr-mulohazalari e’tiborga olindi.

Majlis davomida parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati