Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joriy yilda yosh oilalar, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar uchun 450 xonadondan iborat o‘nta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan.

Bu uy-joylar bugungi kun talablari asosida energiya tejamkor texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va konstruksiyalarini qo‘llagan holda barpo etiladi.

Ushbu ko‘p qavatli arzon uylar qurilishi Prezidentimizning 2017-yil 13-yanvardagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Uylarning umumiy bahosidan boshlang‘ich to‘lovi birinchi qavat uchun 35 foiz, ikkinchi qavat uchun 40 foiz, uchinchi qavat uchun 30 foiz, to‘rtinchi qavat uchun 25 foiz, beshinchi qavat uchun 20 foiz miqdorida belgilangan.

“Ipoteka bank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asaka bank”ning imtiyozli ipoteka kreditlari hisobidan quriladigan ushbu uylarni sotib olish uchun qarz oladiganlarga ipoteka kreditlari 20 yil muddatga, shundan 5 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA