Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Qo‘shbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Mening quyoshim” maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.

80 o‘rinli yangi davlat-xususiy sheriklik asosidagi uy bog‘chaga hozir 35 nafar bola qabul qilingan. Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun ingliz tili, gimnastika, taekvondo, raqs to‘garaklari tashkil etilgan.

– Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlarida ham davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Jumagul Usnatdinova. – Masalan, Qo‘ng‘irot tumanining Qoraqalpog‘iston ovulida 25 o‘rinli “Orzular oroli” uy bog‘chasi faoliyat boshladi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi uy bog‘chalari Qo‘ng‘irotning boshqa mahallalarida, shuningdek, Xo‘jayli va To‘rtko‘l tumanlarida ham tashkil etilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil dekabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida 2018 yilni Qoraqalpog‘istonda “Maktabgacha ta’lim yili” deb belgilash tashabbusini ilgari surgan edi. Shu munosabat bilan joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat-xususiy sheriklik asosida 179 ta, jumladan, Nukus shahrida 30 ta bolalar bog‘chasini yangidan tashkil etish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi. Ularning 102 tasi yangidan quriladi, 51 tasi mavjud binolarda va 26 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.

 

A.Nasirlayev, O‘zA